<aside>
<img src="/icons/priority-low_blue.svg" alt="/icons/priority-low_blue.svg" width="40px" />
Ushbu darsda DMED YaTATda yangilangan avtorizatsiya jarayoni bilan tanishamiz.
</aside>
<aside>
<img src="/icons/exclamation-mark-double_blue.svg" alt="/icons/exclamation-mark-double_blue.svg" width="40px" />
2025-yil 17-noyabrdan boshlab DMED YaTAT (mis.dmed.uz) tizimiga kirish OneID orqali amalga oshiriladi. Shu sababli DMED YaTATdan foydalanish uchun sizda OneID tizimida hisob mavjud bo‘lishi yoki uni yaratishingiz zarur. OneID tizimi nima ekanligi va unda qanday ro‘yxatdan o‘tish kerakligi haqida quyida batafsil ma’lumot berilgan.

Mobil ilovalarda avtorizatsiya hozircha o‘zgarmay qolmoqda - u shaxsni tasdiqlovchi hujjat va MyID tizimi orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, xavfsizlikni oshirish maqsadida 8 soatlik faoliyatsizlikdan so‘ng DMED hisobidan avtomatik chiqish tizimi joriy etiladi. Bu shuni anglatadiki, agar DMED hisobingizda 8 soat davomida hech qanday harakat amalga oshirilmagan bo‘lsa, hisobdan avtomatik ravishda chiqiladi va ishni davom ettirish uchun yana avtorizatsiyadan o‘tishingiz kerak bo‘ladi.
</aside>
<aside>
<img src="/icons/info-alternate_blue.svg" alt="/icons/info-alternate_blue.svg" width="40px" />
OneID tizimi - "Raqamli hukumat" tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalashning yagona axborot tizimi bo‘lib, turli davlat, ta’lim, bank, tijorat va boshqa xizmatlarni elektron interaktiv shaklda olish uchun davlat organlari va nodavlat tashkilotlarining axborot tizimlariga oson va xavfsiz kirishni ta’minlaydi.
OneID tizimi jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari va nodavlat tashkilotlarining axborot tizimlariga ruxsat etilgan kirishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u quyida keltirilgan identifikatsiyalash va autentifikatsiyalash usullariga asoslangan:
- login va parol;
- elektron raqamli imzo;
- mobil telefon raqami;
- masofaviy biometrik identifikatsiya.
OneID tizimida jismoniy va yuridik shaxslarni identifikatsiyalash va autentifikatsiyalashning boshqa usullaridan ham foydalanish mumkin.
OneID tizimining normativ-huquqiy tartiblari:
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 17-dekabrdagi 365-son qarori;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktyabrdagi 679-son qarori.
Ma’lumot manbasi: https://id.egov.uz/ru/help
</aside>
OneID tizimida ro‘yxatdan o‘tish tartibi.
- OneID – Yagona identifikatsiya tizimi veb-saytining http://id.egov.uz/ bosh sahifasida ro‘yxatdan o‘tish uchun «Ro‘yxatdan o‘ting» havolasini bosing, Foydalanuvchi shartnomasi va Maxfiylik siyosati bilan tanishib chiqing, tanishganingizni tasdiqlovchi belgi qo‘ying va «Ro‘yxatdan o‘tish» tugmasini bosing.
- Keyingi ochilgan oynada ro‘yxatdan o‘tish usulini tanlang va tegishli maydonlarni to‘ldiring. Ro‘yxatdan o‘tishning ikki usuli mavjud – standart usul yoki elektron raqamli imzo (ERI) yordamida.
-
Standart usulda ro‘yxatdan o‘tish uchun:
One ID yagona identifikatsiya tizimidan ro‘yxatdan o‘tish tartibi.mp4
- Jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR), ID-karta (pasport) seriyasi va raqami, mobil telefon raqamini kiriting va "SMS yuborish" tugmasini bosing.
- Agar siz ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlarni to‘g‘ri ko‘rsatgan bo‘lsangiz, u holda siz ko‘rsatgan mobil telefon raqamiga OneID tizimidagi shaxsiy kabinetingizdan tasdiqlash kodi, shuningdek, login va parol bilan SMS yuboriladi.
- Istasangiz, shaxsiy kabinet sozlamalarida login va parolni o‘zgartirish mumkin.
- SMS orqali yuborilgan tasdiqlash kodini ochilgan maydonga kiriting va «Ro‘yxatdan o‘tish» tugmasini bosing. Agar kiritilgan tasdiqlash kodi to‘g‘ri bo‘lsa, siz OneID tizimida muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tasiz.
-
ERI yordamida ro‘yxatdan o‘tish uchun:
- ERI (elektron raqamli imzo) ni tanlang, mobil telefon raqamingizni kiriting va «Imzolash» tugmasini bosing. So‘ngra ERI yopiq kaliti uchun parolni kiriting.
- Agar siz ERI yopiq kalitining parolini to‘g‘ri kiritgan bo’lsangiz, u holda siz ko‘rsatgan mobil telefon raqamiga OneID tizimidagi shaxsiy kabinetingizdan tasdiqlash kodi, shuningdek, login va parol bilan SMS yuboriladi.
- Istasangiz, shaxsiy kabinet sozlamalarida login va parolni o‘zgartirish mumkin.
- SMS orqali yuborilgan tasdiqlash kodini ochilgan maydonga kiriting va «Ro‘yxatdan o‘tish» tugmasini bosing. Agar kiritilgan tasdiqlash kodi to‘g‘ri bo‘lsa, siz OneID tizimida muvaffaqiyatli ro‘yxatdan o‘tasiz.
<aside>
<img src="/icons/exclamation-mark-double_blue.svg" alt="/icons/exclamation-mark-double_blue.svg" width="40px" />
Diqqat! Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida faqat o‘z nomingizga rasmiylashtirilgan mobil telefon raqamidan foydalaning. Agar ro‘yxatdan o‘tishda begona shaxs nomiga rasmiylashtirilgan raqam ishlatilsa, siz ro‘yxatdan o‘ta olmaysiz.
</aside>
Chet el fuqarosi uchun OneID tizimida ro‘yxatdan o‘tish tartibi.
- OneID tizimida ro‘yxatdan o‘tish uchun chet el fuqarosi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini (JSHSHIR) olishi va standart usulda ro‘yxatdan o‘tishi lozim.
- Chet el fuqarolari JSHSHIRni vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan (ariza asosida beriladi) yoki doimiy yashash joyi bo‘yicha (yashash guvohnomasini olishda beriladi) Davlat xizmatlari markazlari yoki ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlariga tashrif buyurgan holda olishlari mumkin.
<aside>
<img src="/icons/exclamation-mark-double_blue.svg" alt="/icons/exclamation-mark-double_blue.svg" width="40px" />
Diqqat! Ro‘yxatdan o‘tishda JSHSHIRni olishda foydalanilgan hujjat seriyasi va raqamini kiriting, shuningdek, faqat o‘z nomingizga rasmiylashtirilgan mobil telefon raqamidan foydalaning. Agar ro‘yxatdan o‘tishda begona shaxs nomiga rasmiylashtirilgan raqam ishlatilsa, siz ro‘yxatdan o‘ta olmaysiz.
</aside>
<aside>
<img src="/icons/warning_red.svg" alt="/icons/warning_red.svg" width="40px" />
OneID tizimidagi akkauntingiz — bu ko‘plab davlat va tijorat xizmatlariga kirish kalitidir. U sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni saqlaydi va elektron xizmatlarga kirishni ta’minlaydi. Kirish uchun mo‘ljallangan ma’lumotlarni, jumladan login, parol, Mobile-ID yoki ERI (elektron raqamli imzo) ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga, hatto ular o‘zlarini davlat organlari, xizmat ko‘rsatish markazlari yoki DMED xodimlari sifatida tanishtirsalar ham, topshirish jiddiy xavf tug‘diradi. Shuning uchun, iltimos, o‘z shaxsiy akkauntingizga kirish ma’lumotlarini hech qachon uchinchi shaxslarga bermang va ularga tizimga kirish imkoniyatini taqdim etmang! Sizning xavfsizligingiz va bemorlar ma’lumotlarini himoya qilish maqsadida, agar sizga texnik yordam zarur bo‘lsa, tizimga kirish faqat sizning shaxsiy nazoratingiz ostida (kirish ma’lumotlarini taqdim etmasdan) va sizning ish joyingizda yoki qurilmangizda amalga oshirilishi lozim.
Ogoh bo‘ling va ma’lumotlaringizni himoya qiling!
</aside>
OneID tizimida ro‘yxatdan o‘tib bo‘lmayapti.
- OneID tizimida ro‘yxatdan o‘tishda muammolar yuzaga kelsa, quyidagi amallarni bajaring:
- Ro‘yxatdan o‘tishda foydalanilgan ma’lumotlarning (JSHSHIR, ID-karta seriyasi va raqami, telefon raqami) to‘g‘riligini tekshiring, shuningdek, ERI (elektron raqamli imzo) amal qilish muddati haqiqiy ekanligiga ishonch hosil qiling. Zarur hollarda yangi ERI oling yoki mavjud ERI muddati uzaytirilishini ta’minlang.
- Ro‘yxatdan o‘tishda foydalanilayotgan telefon raqami sizning nomingizga rasmiylashtirilganligiga ishonch hosil qiling. Kerakli ma’lumotni mobil aloqa operatoringiz ofislarida (abonent punktlarida) aniqlashingiz mumkin.
- Agar telefon raqami sizning nomingizga rasmiylashtirilganligiga ishonch hosil qilgan bo‘lsangiz, mobil operatoringiz hisob ma’lumotlarida sizning JSHSHIR raqamingiz kiritilganligini tekshiring. Buni mobil operatoringiz ofislarida (abonent punktlarida) amalga oshirish mumkin. Zarur hollarda, mobil operatoringizdan sizning SIM-kartangiz hisob ma’lumotlariga JSHSHIR kiritilishini talab qiling.
- Ro‘yxatdan o‘tish uchun boshqa mobil operator raqamidan foydalanib ko‘ring.
- Raqamli hukumat, mobil operatorlar yoki ma’lumot yetkazib beruvchi tashkilotlar (Shaxsni identifikatsiyalash agentligi, Ichki ishlar vazirligi, Soliq qo‘mitasi va boshqalar) axborot tizimlarida texnik ishlar olib borilayotgan bo‘lishi mumkinligi sababli, biroz vaqt o‘tib qaytadan ro‘yxatdan o‘tishga harakat qiling.
Unutilgan login va parolni qanday tiklash mumkin.
- Agar siz OneID tizimida allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsangiz va login yoki parolingizni unutgan bo‘lsangiz, saytning bosh sahifasida «Login yoki parolni unutdingizmi?» havolasini bosing.